Joriy yilning 26-noyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi
Oʻquv markazida xarid subyektlari uchun vebinar tashkil etildi.
Vebinarni oʻtkazishdan asosiy maqsad Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-son “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini amalga oshirish hamda davlat xaridlarida “yashil” xaridning ahamiyatini yoritishga qaratilgan.

Vebinarda respublikadagi 300 dan ortiq davlat buyurtmachilari va tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdi. Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat xaridlari siyosati departamenti mutaxassislari, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligidan masʼul mutaxassislar hamda Oʻquv markazining professor-oʻqituvchilari oʻz taqdimotlari bilan ishtirok etdi.
Vebinarda quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha:
-yashil xaridlarning huquqiy asoslari;
- Oʻzbekiston Respublikasining ekologik yorligʻi;
- xalqaro miqyosda tan olingan eko-yorliqlar;
- yashil mezonlar bilan tender qanday eʼlon qilinishi va eko-yorliqlar uchun ballarni qanday berish kerakligi hamda har bir holatda qanday qilib shartnoma tuzish kerak (eko-yorliqli mahsulotlar yoʻq, eko-yorliqli bitta/bir nechta takliflar), ekobelgilash sertifikatining qonuniyligini tekshirish usullari haqida maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, ekologiya, atrof-muhitni asrashda “yashil” davlat xaridlarining ahamiyati toʻgʻrisida fikrlar bildirildi. Vebinar yakunida ishtirokchilar tomonidan oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollar berildi va mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Vebinarda yashil davlat xaridlari – atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishga erishishda muhim qadam ekanligi, aniq va tushunarli yashil mezonlarni belgilash va ularga rioya qilish orqali atrof-muhitni ifloslanishdan himoya qilishimiz, resurslardan oqilona foydalanishimiz va sogʻlom kelajakni yaratishimiz mumkinligi haqida gapirilib ushbu jarayonda barcha manfaatdor tomonlarning – davlat organlari, biznes vakillari va fuqarolarning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.

Oʻquv markazi tomonidan tashkil etilib kelinayotgan bu kabi vebinarlarining doimiy ravishda oʻkazilib kelishi tinglovchilarga davlat xaridlari bilan bogʻliq koʻplab foydali maʼlumotlarga ega boʻlish imkoniyatini beradi.