
Joriy yilning 18-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida “Yashil” davlat xaridlarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-iyundagi 371-son “Yashil” davlat xaridlarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyati, “yashil” xaridlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari, ekologik mahsulotlar uchun yagona ixtiyoriy markirovka tizimi, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarida “yashil” texnologiyalarni tatbiq etish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Tashkil etilgan davra suhbatida Oʻquv markazi direktori I. Xamidova o‘z taqdimoti bilan ishtirok etib, “Yashil” davlat xaridlarini joriy etishda mutaxassislarni roli beqiyos ekanligi, “Yashil” davlat xaridlarini amalga oshirish boʻyicha davlat xaridlari subyektlarining malakasini oshirishning ahamiyati va Oʻquv markazi tomonidan tashkil etilgan qisqa muddatli oʻquv kurslarida 2025-yilning besh oyi davomida jami 8698 nafar davlat buyurtmachilarining xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan shaxslarni, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining malakasi oshirilganligi haqida maʼlumot berdi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-son “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan “2025-yilda atrof-muhitni asrash yoʻnalishida vazirlik va idoralar tomonidan birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar rejasi” doirasida Oʻquv markazi tomonidan oʻquv kursi hajmi 16 soatdan iborat boʻlgan “Yashil davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi” nomli qisqa muddatli oʻquv kursi yoʻlga qoʻyilganligini ham alohida ta’kidladi.
Bundan tashqari, tadbir davomida tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislari, tabdirkorlik subyektlari va “Yashil” davlat xaridlarini joriy etish boʻyicha hududiy trenerlar ishtirok etib, oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan asoslantirilgan javoblar olishdi, mavzular doirasida fikrlar almashildi.